Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, hamkorlik doirasida viloyatda 4 ta — Namangan «IT» texnoparki, Namangan tekstiltexnoparki, Chortoq agro va kosmetika texnoparki, Kosonsoy tibbiyot texnoparki tashkil etiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, viloyatda texnoparklarning tashkil etilishi bilan aholini biznes bo‘yicha qiziqishlari va bilimlarini oshirish, har bir tumanda innovatsion biznes markazlari tashkil etish va zamonaviy biznes tashkil qilishga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu bilan Namangan viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari bilan texnoparklar, professor va tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlik rishtalari bog‘lanadi.

Chortoq tumanida urug‘chilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashgan agro texnopark tashkil etish bo‘yicha Kyonbuk texnoparki va Chonbuk texnoparki bilan aloqa bog‘landi. Tashrifning yana bir natijasi sifatida Koreya issiqxonalari bilan tanishilgani bo‘ldi. Chortoqda qulupnay yetishtirmoqchi bo‘lgan investor 200 gektardan ziyod qulupnay issiqxonasiga ega va tadbirkorning alohida ko‘chatchilik laboratoriyasi ham bor. Investor bilan qulupnay, qovun, tarvuz va boshqa sabzavotlar ko‘chatchiligi uchun laboratoriya tashkil etishga kelishildi. Yurtimizning tabiiy iqlim sharoiti, tuprog‘ining unumdorligi kattadan-katta imkoniyatlarini yuzaga chiqara oladi. Tibbiyot va kosmetika borasidagi hamkorlik ham soha rivojiga xizmat qiladi.

Shu yilning iyul oyida Koreya Respublikasi texnoparklari uyushmasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida qator shartlashuvlar imzolangan edi. 21−26 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Tegu shahrida nishonlangan Koreya texnoparklarining 20 yilligi xalqaro konferensiyasi ana shu shartlashuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ulkan ahamiyat kasb etgan nufuzli xalqaro tadbirda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan, shuningdek, Koreya modeli asosida texnoparklar tashkil etgan Tayvan, Indoneziya, Vetnam, Efiopiyadan ham mehmonlar qatnashdilar.

Ta’kidlash lozimki, Koreya texnoparklari uyushmasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat mahalliy bozorda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ekotizimlar startapini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli strategik hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha taraflarning o‘zaro rejalarini aks ettiradi. Koreyalik hamkorlarning texnologik tajribasi g‘oyalarni yuzaga keltiradigan, ularni ishlaydigan, tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlarga aylantiradigan maydoncha va O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish uchun poydevor bo‘ladigan «IT» — infratuzilmasining universal ob’ektini yaratishga imkon beradi. Texnopark tuzilmasida tadqiqot laboratoriyalar, «R&D» — markazlar, kovorking markazlari hamda innovatsion ekotizimning boshqa tarkibiy qismlari bo‘lishi nazarda tutilgan.