Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Hasan Soibnazarov davriy nashrlarga majburiy obuna to‘g‘risida bergan ko‘rsatmasi uchun o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2018 yil 1 noyabr kuni bir necha internet OAV nashrlari Bekobodda o‘qituvchilar 2019 yil uchun obunaga majburlanayotganligi haqida maqolalar chop etgan edilar. Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari ushbu ma’lumotlarni joyiga chiqib o‘rgandilar.

Ta’kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 25 yanvardagi 33-sonli Qarorining 5-bandida qishloqlarda joylashgan umumta’lim maktablarini o‘ntagacha gazeta va jurnallarga mahalliy byudjet hisobidan obuna qilish belgilangan.

Ushbu qaror talabidan kelib chiqib, asosan qishloq joylaridagi umumta’lim maktablariga 2019 yil obunasi uchun 10 nomdagi gazeta va jurnallar tavsiya etilgan. Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limiga «Toshkent haqiqati», «Xalq so‘zi», «Bekobod ovozi», «Ma’rifat» gazetalariga obuna bo‘lishlari uchun mahalliy byudjet hisobidan mablag‘lar ajratilgan.

Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasining Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Hasan Soibnazarov tomonidan o‘zboshimchalik bilan 2018 yil 30 oktyabrda imzolangan xatida tumandagi jami 57 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlariga bir necha gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish vazifasi yuklatilgan.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi qarorining 16-bandida xalq ta’limi xodimlarining bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish taqiqlangan.

Ko‘rilgan choralar natijasida tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘qituvchilari Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i xatida ko‘rsatilgan nashrlarga majburiy obuna bo‘lishmagan.

O‘rganish natijasida Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Hasan Soibnazarov lavozimidan ozod etildi va uning majburiy obuna to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bekor qilindi.

Shu bilan birga majburiy obunani oldini olish bo‘yicha kerakli choralar ko‘rmaganligi va to‘liq nazoratga olmaganligi uchun Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i Shukur Burhonovga intizomiy chora ko‘rildi.

Ushbu holat yuzasidan barcha xalq ta’limi hududiy boshqarmalariga yana bir bor majburiy obunani oldini olish bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘qituvchilarning bu kabi shikoyatlarini qabul qilish va chora ko‘rish uchun internet tarmog‘ida «Ustoz ovozi» virtual inspektori ishga tushirilgan. Istalgan xalq ta’limi xodimi huquqlari buzilgan holatlarda ustozovozi.uzedu.uz sayti yoki telegram bot (@Ustoz_Ovozi_bot) orqali o‘z murojaatini yuborishi mumkin. Hozirgi kungacha 1113 ta murojaat yuborildi va ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.