Prezidentning 2018 yil 31 oktyabrdagi «Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra uquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan hisobning birinchi blokini yuritish vazifasi prokuratura organlariga topshirildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Ma’lumot uchun: ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan biri kriminalistik ro‘yxat yuritish hisoblanadi. Bunda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan hisob yuritish tizimlari haqida so‘z bormoqda. Hisob yuritishni shartli ravishda quyidagi bloklarga birlashtirish mumkin:

jinoyatlar, ularni sodir etgan shaxslar va jinoyat ishlari harakatlanishining yagona hisobi — barcha surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar, jazoni ijro etish organlari o‘zlari yuritayotgan jinoyat ishlari to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni ichki ishlar organlariga yuboradilar. Bu yerga sudlanganlik haqidagi ma’lumotlar ham kiritiladi (mas’ul bo‘linma — IIVning Axborot markazi). Bu idoraviy hisob yuritilishini istisno etmaydi;

ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar va ma’muriy huquqbuzarlik sababli ma’naviy, jismoniy yoki mulkiy ziyon yetkazilgan shaxslarning markazlashtirilgan hisobi — ma’muriy javobgarlik sohasidagi shunga o‘xshash ma’lumotlar bazasi;

tezkor ma’lumotlar hisobi — tezkor qidiruv faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirish va jinoyatlarning oldini olish uchun zarur axborotlarning markazlashtirilgan holda to‘planishi. Bunda shunday ma’lumotlarni to‘plash va ularga ishlov berish uchun maxsus bilimlar talab etilmaydi (mas’ul bo‘linma — IIVning Axborot markazi);

ekspert-kriminalistika hisobi — shakllantirilishi maxsus bilimlarni talab etadigan kartotekalar va kolleksiyalar (IIV EKM, X.Sulaymonova nomidagi RSEM va boshqa ekspert muassasalari yuritadi).

2018 yil 1 dekabrdan boshlab hisobning birinchi blokini yuritish vazifasi prokuratura organlariga topshiriladi. Shu sababli IIV tuzilmasidagi axborot markazi tugatiladi. Qisqartirilayotgan 258 ta shtat birligi respublika darajasida Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida tegishli bo‘limlarni tashkil etish uchun prokuraturaga beriladi. Shuningdek Bosh prokuratura akademiyasi tuzilmasida Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o‘rganish markazi tashkil etiladi.

Yangi «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimi ma’lumotlarni avtomatik ravishda to‘plash va ularning xolisonaligi ta’minlashga yo‘naltirilgan. Unda elektron statistik kartochkalar shakllarini to‘ldirish yo‘li bilan jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamasi hamda sud qarorlari ijrosining natijalari, shuningdek ayblanuvchi va jabrlanuvchi sifatida jalb etilgan shaxslar bo‘yicha ma’lumotlarning markazlashtirilgan hisobi yuritiladi.

Xuddi ilgarigidek, barcha vakolatli organlar, shu jumladan sudlar kartochkalarni to‘ldirishda davom etadilar, biroq bu elektron shaklda amalga oshiriladi. Buning ustiga, jinoyat ishlari hamda tergovga qadar tekshiruv materiallariga tartib raqamlari Yagona axborot tizimiga tegishli statistik ma’lumotlar kiritilgandagina beriladi.

Tizimning sinov versiyasi 2019 yil 10 yanvardan, to‘liq versiyasi esa 2019 yil 1 martdan ishga tushirilishi mo‘ljallangan. Shu sababli tizimning sinov versiyasi ishga tushirilishiga qadar hujjatlarning qog‘oz shaklidan, to‘liq versiyasi ishga tushirilishiga qadar — bir vaqtning o‘zida hujjatlarning qog‘oz va elektron shaklidan foydalaniladi.

Qolgan hisob yuritish ishlari IIVda saqlanib qoladi. Ularni yangi Tezkor-ma’lumotlar boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari yuritadi. IIV MDH mamlakatlarining Davlatlararo axborot bankiga huquqiy statistik ma’lumotlarni taqdim etishda, shuningdek 1.01.2019 yilga qadar to‘plangan huquqiy statistik ma’lumotlar arxivini saqlashda davom etadi.