«Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Akmal Burhonov Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yong Kim bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qildi markaz matbuot xizmati.

Uchrashuv 1−2 noyabr kunlari Pekinda ochiqlik, aholini ijtimoiy himoya qilish hamda dunyoda qashshoqlikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbatda Jim Yong Kim O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi va Jahon banki guruhining kelgusidagi hamkorliklarga tayyor ekanligini izhor etdi. Shuningdek, u mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘z salomlari va iliq tilaklarini yetkazib qo‘yishlarini so‘radi.

Xalqaro forum ishida qashshoqlikni qisqartirish va barqaror taraqqiyot maqsadlari masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik muhokama qilindi. Bundan tashqari, mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiya, shuningdek qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha dunyoning ilg‘or innovatsion amaliyoti, global moliya institutlarining roli va ulushi masalalari muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi.

Forum doirasida Akmal Burhonov islohotlar va ochiqlik siyosati bo‘yicha O‘zbekiston amaliyoti to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Jumladan, markaz direktori ijtimoiy sohalarni rivojlantirish 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi. Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan aholini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha davlat siyosati ishtirokchilarga qadar yetkazildi.

Forumda XXR raisi va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish nomidan tabrik nutqlari o‘qib eshittirildi. Bundan tashqari, Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yong Kim kirish nutqi bilan ishtirok etdi.