Dam olish kunlari Italiyaning Sitsiliya ma’muriy viloyatida kuzatilgan suv toshqinlari qurbonlari soni 12 nafarga yetdi, yakshanba kuni Kammarata shahri (Agrijento provinsiyasi) yaqinida kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida daryo o‘zanidan toshib, avtomobilni oqizib ketishi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, deya xabar qildi RIA Novosti provinsial yong‘in xavfsizligi xizmatlari vakiliga tayanib.

Undan avvalroq esa mahalliy Fuqaro muhofazasi xizmatlari yakshanbaga o‘tar kechasi Sitsiliyadagi noqulay ob-havodan o‘n kishi, jumladan ikki bola qurbon bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Fojia Palermo provinsiyasidagi Kasteldachcha shahrida sodir bo‘ldi. Kuchli yog‘ingarchiliklar sababli Milicha daryosi o‘zanidan toshib, qirg‘oqdagi villalardan biriga suv toshib kirgan. Butun boshli oila, jumladan bir va uch yoshli bola halok bo‘ldi. Sitsiliyaning Vikari qishlog‘ida ham shunga o‘xshash holatda 44 yoshli erkak vafot etdi, yana ikki kishi bedarak yo‘qoldi. Sitsiliya ma’muriy markazi — Palermo hukumati halok bo‘lganlar xotirasiga ikki kunlik motam e’lon qildi.

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte yakshanba kuni Sitsiliyaga bordi.

O‘tgan hafta boshidan buyon Italiyaning ko‘plab hududlarida kuchli yog‘ingarchiliklar va shamol, suv toshqinlari va yer ko‘chkilari kuzatilmoqda. Shanba kuni Fuqaro muhofazasi milliy xizmati Sitsiliya va Sardiniyada «qizil» meteoxavf darajasini e’lon qildi. Avvalroq esa bir hafta davomida Italiyada noqulay ob-havodan 19 kishining qurbon bo‘lgani xabar qilingan edi.