3 noyabr kuni Toshkentning Yashnobod tumanidagi 67-maktabning yuqori sinf o‘quvchisi M.K. otasiga tegishli bo‘lgan Mercedes-Benz avtomobilini hujjatlarsiz boshqarib, daraxt bilan to‘qnashdi, deya xabar qildi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Yo‘l-transport hodisasi Asalobod ko‘chasida sodir bo‘ldi. Huquqni muhofaza qilish organlari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smir mashinani boshqara olmay qolgan.

Avariya natijasida yo‘lovchi, haydovchining sinfdoshi jarohatlandi va tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

Jinoiy ish qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.