Shanba kuni bo‘lib o‘tgan kommunal xizmatlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda Toshkent hokimiyati, IIBB, FVB va gaz ta’minoti tashkilotlari rahbarlari gazda ishlovchi uskunalar va kommunikatsiyalarni o‘rnatish hamda ulardan foydalanish me’yorlariga rioya qilishga chaqirdi.

Tadbir yaqinda poytaxtning Chilonzor tumanida is gazidan zaharlanib vafot etish holati qayd etilganidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. 31 oktyabr kuni poytaxtning Chilonzor tumanida to‘rt bola is gazidan zaharlanib vafot etdi. 1 noyabr kuni esa Yunusobod tumanida xuddi shu sababdan uch kishi halok bo‘ldi.

Toshkentda so‘nggi 10 yil ichida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 20 ta favqulodda holat sodir bo‘lishi natijasida 20 kishi zaharlandi, 60 kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya ma’lum qildi shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Rahmonqulov. Halok bo‘lganlarning 25 nafari poytaxtga viloyatlardan ishlash uchun kelgan yollanma ishchilardir.

U so‘nggi ikki yilda is gazidan zaharlanish holatlari o‘sganini ma’lum qildi. Yuqorida qayd etilgan 20 ta holatning 30 foizi ushbu davrga to‘g‘ri keladi.

Baxtiyor Rahmonqulov fojiali holatlarga gaz va isitish uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish, mo‘rilarni tozalamaslik, isitish pechlarini gaz quvurlariga rezina shlanglar orqali ulash, turar joylarni ochiq olov bilan isitish, shuningdek nosoz va sertifikatsiz uskunalardan foydalanish kabilar sabab bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Toshshahargaz» boshqarmasi boshlig‘i Abdusamad Saidvaliyev uy ichidagi gaz uskunalari hovlili uylarda har yili, ko‘p qavatli uylarda ikki yilda bir marta texnik reviziyadan o‘tkazilishi lozimligini eslatib o‘tdi.

Xalqlar do‘stligi saroyi zali to‘la holatda o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha shahardagi har bir mahallada to‘laqonli texnik reviziya o‘tkazilishi belgilandi.

Poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev bu kabi holatlar takror sodir etilmasligi va gaz ta’minoti sohasining bir qator boshliqlariga ogohlantirish berilishiga topshiriq berdi.

U xizmatlar rahbarlari va jamoatchilikni yong‘in xavfsizligi tadbirlarida uyg‘un harakat qilish, shaharliklarni esa gaz uskunalaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.