O‘zbekiston Adliya vazirligi ish beruvchilar tomonidan xodimlar oylik maoshlaridan pul mablag‘larini ushlab qolish amaliyotlarini o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Tasodifiy tanlash yo‘li bilan butun mamlakat bo‘yicha 729 ta ijtimoiy soha muassasasi, jumladan tibbiyot, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rganildi.

O‘rganishlar ish beruvchilar tomonidan o‘z qo‘l ostidagilar oylik maoshlaridan kommunal xizmatlar to‘lovlari uchun pul mablag‘larini ushlab qolish ko‘rinishidagi katta miqdordagi qo‘pol qonun buzilishlari sodir etilganini ko‘rsatdi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Mehnat qiluvchilar huquqlarining buzilishiga oid jami 345 mingdan ortiq holat aniqlangan bo‘lsa, ularning yarmi Farg‘ona vodiysi (Andijonda — 72205, Namanganda — 50198 va Farg‘ona — 49897) hissasiga to‘g‘ri keldi.

69 foiz (237434) holatda xodimlar maoshlaridan ushlab qolish ularning roziligisiz, 11 foiz holatda (37696) esa kasallik, mehnat ta’tili, xizmat safari munosabati bilan ular yo‘q bo‘lgan vaqtda olib qolingan. 60−70 foizgacha oylik maoshlarni ushlab turish holatlari ham kuzatilgan.

Qonunchilikka muvofiq, agarda ishchi kasallik yoki ta’til munosabati bilan ish joyida bo‘lmasa, oylik maoshdan ushlab qolish keyingi oyda amalga oshirilishi lozim. Ushlab qolingan mablag‘larning umumiy miqdori xodim maoshining 50 foizidan oshmasligi zarur.

Farg‘onada to‘qqiz oy davomida 1821 nafar maktab o‘qituvchisidan ularning yozma roziligisiz elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 300 mln so‘mdan ziyod mablag‘ ushlab qolingan. 2000 fuqarodan esa majburiy tartibda 50 mln so‘mga yaqin mablag‘ Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hududiy bo‘limi hisobiga o‘tkazilgan.

Andijonda 609 nafar o‘qituvchidan ular xizmat safarida bo‘lgan vaqtda 44 mln so‘m ushlab qolingan.

Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Xorazm va Buxoroda 70 foizgacha oylik maoshlarni ushlab qolish bilan bog‘liq 100 dan ziyod holatlar aniqlandi.

Adliya organlari o‘rganishlari yakunlari bo‘yicha 400 ga yaqin taqdimnoma va 2000 dan ziyod ogohlantirishlar kiritildi. Vakolatli organlarga 277 nafar aybdor mutasaddi shaxsni ma’muriy, 2 nafarini jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar yuborildi.