Moliya vazirligida tashkil etilgan matbuot anjumanida Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi qarori bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Amaldagi qonunchilikka asosan xususiy tadbirkorlar chakana savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi jami 81 faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishlari, bu jarayonda bir nafardan uch nafargacha xodimni yollab ishlatishlari mumkin. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanganda bir nafar, maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatilari bilan shug‘ullanganda uch nafargacha, faoliyatning boshqa turlari bidan shug‘ullanganda ikki nafargacha xodimni yollab ishlatishiga ruxsat etilgan.

Lekin, o‘rganishlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, birinchidan, qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlari hajmining kattaligi va vaznining og‘irligi sababli, xususiy tadbirkorlar ushbu mahsulotlarni trasport vositalariga yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qo‘riqlash va sotishni ruxsat etilgan bir nafar yollanma ishchi bilan bajara olmayotganliklari sababli qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimlarni yollab norasmiy ishlatishga majbur bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, alyuminiy (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlarni tayyorlash yirik uskunalardan foydalanilgan hoda, sanoat usulida amalga oshirilishi shuningdek, xom-ashyo materiallari va tayyor mahsulotlarni ortish, tashish, tushirish va o‘rnatish uchun ko‘p ishchi kuchi talab etilishi sababli xodimlarni norasmiy yollab ishlatishga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu kabi holatlar avtomobillarni yuvish faoliyati bo‘yicha ham kuzatilmoqda. Natijada, norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligi ta’minlanmasdan, mehnat stajlari yuritilmasligiga hamda kelgusida asoslangan pensiya to‘lovi kafolatlanmasdan qolishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonuniga binoan yuk ortish va tushirish ishlari og‘ir va xavfli ishlar toifasiga kiritilgan bo‘lib, ish jarayonida bir xodimning doimiy ko‘taradigan yuk og‘irligi 15 kilogrammdan va ish smenasi davomida jami ko‘taradigan yuk og‘irligi 870 kilogrammdan ortiq bo‘lmasligi lozim. Lekin sement (1 qopi 50 kg), shifer, va yog‘och mahsulotlari sotishda (1 nafar ishchi bilan) mazkur normalarga amal qilib bo‘lmaydi.

Yuqoridagi sabablarga ko‘ra, xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini qayta ko‘rib chiqish ehtiyoji yuzaga keldi. Qarordagi shu kabi 17 faoliyat turlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi va 2 faoliyat turi faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Bu esa yuridik shaxs maqomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulayliklar yaratish bilan birga, xodimlarning mehnat muhofazasi ta’minlanib, belgilangan tartibda bandlik darajasining oshishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan soliq konsepsiyasiga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq va to‘lovlar bo‘yicha bir qator yengilliklar joriy etilmoqda.

Xususan, Ish haqi fondidan sug‘urta badali to‘lovi bekor qilindi. Yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 25 foizdan (kichik korxonalar uchun 15 foiz) 12 foizga tushirildi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkada 12 foiz qilib belgilandi. Davlat maqsadli jamg‘armalarga tovar aylanmadan olinadigan 3,2 foizlik ajratma bekor qilinishi belgilandi.