Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Guliston shahrida qurib bitkazilgan 360 ta xonadondan iborat 8 ta arzon ko‘p qavatli turar-joylarni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanada qatnashdi. Bu haqda «Xalq so‘zi Online» xabar berdi.

«Buyuk kelajak» deb nomlangan yangi mavzeda aholi soni yil sayin ortib bormoqda. Ya’ni o‘tgan yili bu yerda 225 ta oilani o‘z bag‘riga olgan 5 ta 5 qavatli uy qurilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Guliston shahar Xalq qabulxonasi mudiri Nazar Qarshiboyevning ma’lum qilishicha, yangi uy sohiblaridan 7 nafari imkoniyati cheklangan, turar-joyga ehtiyojmand oila bekalari hisoblanadi. E’tiborlisi, ular olgan uylarning boshlang‘ich badali ham to‘lab berildi.

Tadbirda shuningdek, «Buyuk kelajak» mavzesida 7 qavatli arzon turar -joylar qurish mo‘ljallanayotganligi ham aytildi.