«Toshkent viloyatining „Ohangaron“ va „Maydontol“ maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, 2018 yil 14 sentyabrda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan «Sejin G&E Co., Ltd» kompaniyasi (Koreya Respublikasi) o‘rtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi tasdiqlandi.

Shartnomaga ko‘ra, «Sejin G&E Co., Ltd» kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida xorijiy korxona tashkil etilishi, 2018−2020 yillar mobaynida 55 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilishi belgilangan.

Shuningdek, Ohangaron tumanidagi «Ohangaron» va Parkent tumanidagi «Maydontol» maishiy chiqindilar poligonida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan (metandan) umumiy ishlab chiqarish quvvati kamida 16 MVt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 12 ta yangi zamonaviy generator va yordamchi uskunalar o‘rnatiladi.

Xorijiy korxona yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lashdan, shuningdek Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinadi.

Istisno tariqasida, xorijiy korxonaga 2020 yil 1 yanvargacha investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarini belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etgan holda bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish va moliyalashtirish shartlarida amalga oshirishga ruxsat berildi.