Husanboy Ablazov «Farg‘ona sifatli yo‘l ta’mir servis» xususiy korxonasi rahbari lavozimida ishlab, bir guruh hamkasblari bilan qonunga xilof ishga yetakchilik qildi. Bu haqda «Farg‘ona haqiqati» gazetasi saytida ma’lumot berildi.

H.Ablazov korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini to‘liq va sifatli bajarilishiga mas’ul edi. Biroq bir guruh sheriklari bilan til biriktirdi. «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi viloyat filialining yetakchi mutaxassisi Feruz Usmonov bilan birgalikda 2016 yil 21 yanvar kungi 38-sonli pudrat shartnomasiga asosan Farg‘ona tumani Ilg‘or — 5 massivi 714-lotdagi 11 dona namunaviy loyiha asosidagi uylarni qurishda noto‘g‘ri ma’lumotlarni hech ikkilanmasdan qayd etishdi. Hisob-fakturaga bajarilmagan qurilish ishlari uchun 117 391 300 so‘mlik mablag‘ qo‘shib yozildi va bu sarmoya talon-taroj qilindi.

Ablazov shu bilan kifoyalanmadi. U yuqoridagi namunaviy uylarning qurilish ishlarini amalga oshirishda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi viloyat filialining yetakchi mutaxassisi Z.Mamayusupov (jinoyat ishining unga nisbatan qismi tugatilgan) bilan birgalikda 2016 yil 25 noyabr kungi hisob-fakturaga 77 075 300 so‘m mablag‘ni qo‘shib yozganlar. Jinoiy harakatlarini davom ettirgan holda H.Ablazov injiniring kompaniya viloyat filiali yetakchi mutaxassisi Zafarjon Yulchiyev bilan ham ana shunday xufyona ishga qo‘l urdi. 2016 yil 15 dekabr kungi hisob-fakturaga 96 886 000 so‘mlik qurilish ishlari qo‘shib yozildi.

«Mindonobod» MFYdagi 697-lotdagi 10 dona namunaviy loyihadagi uy-joylar hujjatlarini tuzishda ham ana shunday soxta ma’lumotlar tayyorlandi. «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi viloyat filialining yetakchi mutaxassisi Kamoliddin Mo‘minjonov bu ishda Ablazovni qo‘llab-quvvatladi. 2016 yil 25 dekabr kungi hisob-fakturaga 118 774 900 so‘mlik qurilish ishlari qo‘shib yozildi va o‘zlashtirib yuborildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi tomonidan aybdorlar mansabdorlik, moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, jarimaga tortilgan holda ahloq tuzatish jazosi tayinlandi.