Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Qarorda ta’kidlanishicha, hududlardagi ko‘p qavatli uylar, yakka tartibdagi uy-joylarni kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlash hamda xonadonlarni isitishda tabiiy va suyultirilgan gaz, qattiq yoqilg‘idan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash qoidalariga rioya etmaslik holatlari uchrab turibdi.

Oqibatda aholi xonadonlarida yong‘in kelib chiqishi yoki is gazidan zaharlanish holatlari ro‘y berib, insonlarning hayoti va salomatligiga jiddiy zarar yetkazilmoqda. Ko‘pincha o‘lim bilan tugaydigan hamda moddiy zarar bilan yakunlanadigan baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda.

Ularning aksariyat qismi, tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlaridan hamda isitish pechlaridan foydalanishda texnik va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmaganligi, tabiiy gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanish, isitish maqsadida mavjud gaz plitalarini yoqib qo‘yish va xonadonlar ichida ochiq olovdan foydalanish hamda dudburonlarning nosozligi oqibatida kelib chiqmoqda.

Qarorga muvofiq, aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini o‘rganish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar tashkil etildi va ularning vazifalari belgilandi.

Qaror bilan aholi xonadonlarining ichki gaz tarmoqlari hamda gazda ishlovchi qurilma va uskunalari quyidagi muddatlarda texnik taftishdan o‘tkaziladi va ularga profilaktika xizmati ko‘rsatiladi:

  • ko‘p kvartirali uylardagi gaz plitalari (boshqa gaz priborlari mavjud bo‘lmaganda) — ikki yilda bir marta;
  • turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish priborlari — bir yilda bir marta, profilaktik xizmat ko‘rsatish — har yilgi isitish mavsumi boshlanishidan avval;
  • turar joylardagi dudburonlar va ventilyatsiya kanallarini — har yilgi isitish mavsumidan oldin tekshirib, ularning sozligini tegishli dalolatnomalar bilan qayd etish.

Shuningdek, qarorga muvofiq Davlat soliq qo‘mitasi qo‘lbola yasalgan nostandart isitish moslamalarini ishlab chiqarish hamda ularning bozorlar va turli savdo shoxobchalarida sotilishining oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘radi.