Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar hamda strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi tartibi belgilandi. Bu prezidentning 2018 yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlandi, deyiladi Norma.uz xabarida.

Yangi tartibga muvofiq:

Tashqi ishlar vazirligi oliy darajadagi tashriflar muddatlari aniqlanishiga qarab bir kun muddatda bu haqda Vazirlar Mahkamasini yozma ravishda xabardor qiladi;

Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolash uchun, shu jumladan, investitsiya loyihalari bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

Hisob palatasi Vazirlar Mahkamasi qarorida nazarda tutilgan tashkiliy tadbirlarning o‘z vaqtida ijro qilinishi ustidan nazorat o‘rnatadi;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolash uchun hujjatlar loyihalari tashrif boshlanishidan bir oy avval Hisob palatasi bilan birga batafsil ko‘rib chiqilganidan so‘ng Vazirlar Mahkamasi tomonidan Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Bunda hujjatlar loyihalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan Hisob palatasiga kiritilayotganda parallel ravishda ko‘rib chiqish uchun Prezident Administratsiyasining tegishli tuzilmalariga ham kiritiladi.

Hisob palatasi har oyda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari ijrosining borishi to‘g‘risida Prezident Administratsiyasiga axborot kiritadi.

Hujjatlar ijrosining borishi va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishining har oyda ko‘rib chiqilishi Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura tomonidan ta’minlanadi. Nazorat yakunlari bo‘yicha axborot Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Shartnomalarning hisobi va ijro etilishi ustidan monitoring «Ijro.gov.uz» ijro intizomi yagona nazorat tizimiga integratsiya qilinadigan oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar ma’lumotlar bazasi yordamida yuritiladi.

Respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi tashkil etildi

Yangidan tashkil etilayotgan Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar ijrosini ta’minlash masalalari bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi ushbu kelishuvlarni amalga oshirish uchun tuzilgan tugatilayotgan idoralararo hay’at organlarini (komissiyalar, guruhlar) o‘rnini bosadi. Quyidagilar uning vazifalari etib belgilandi:

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolash uchun hujjatlar loyihalarini tayyorlash jarayonini muvofiqlashtirish;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarning o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini yakuniy natijalarga erishgan holda ta’minlash;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish;

yuklatilgan qo‘shimcha funksiyalarni tezkorlik bilan bajarishda Hisob palatasiga ko‘maklashish (pastga qarang).

Hisob palatasida yangi funksiyalar

Qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish uchun Hisob palatasida rais o‘rinbosari lavozimi qo‘shimcha joriy etildi va ikkita yangi bo‘lim tashkil etildi, ular palataga yuklatilgan yangi funksiyalarni o‘z zimmalariga oladilar, aynan:

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolash uchun hujjatlarni, ularning asosliligini va ijro etish imkoniyatlarini tahlil qilgan holda tayyorlashda vazirlik va idoralarga ko‘maklashish;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, tegishli tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlab, tizimli tahlil qilgan holda, yakuniy natijalarga erishish uchun ularni hal etishda, shu jumladan, joyiga chiqqan holda zarur yordam ko‘rsatish;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar, strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan monitoring va doimiy nazoratni amalga oshirish hamda ularning natijalari bo‘yicha Prezident Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritish;

vazirlik va idoralarning oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya

loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi axborotlarining asoslanganligini birlamchi ma’lumotlar asosida o‘rganish;

chet ellik hamkorlar va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan «teleko‘prik» tashkil etish orqali oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar ijrosini muntazam muhokama qilish, ularning asoslantirilgan hisob-kitoblarga ega, aniq, tashabbuskor investitsiya loyihalarini taqdim etish borasidagi faoliyati samaradorligini baholash.