Xalqaro yo‘nalishlarda qatnaydigan yo‘lovchi poyezdlariga chiptalarning oldindan xarid qilish muddatiga qarab belgilangan chegirmalarga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, 30−31 oktyabr kunlari Toshkentda Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston yo‘lovchi tashuvchi temir yo‘l ma’muriyati vakillari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yo‘lovchi tashish borasidagi qo‘shimcha qulayliklar va imtiyozlar bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.

Kelishuvlarga ko‘ra, shu vaqtga qadar yo‘lovchi sv va kupe vagonlar uchun chiptani poyezdning jo‘nash kunidan 45−31 kun oldin xarid qilishida belgilangan 45 foizlik chegirma 45−41 kun oldin 55 foizga ko‘tarildi. 40−31 kun oralig‘ida xarid qilingan yo‘l chiptalar uchun 45 foiz va 30−6 kun oraligida xarid qilingan chiptalar uchun 35 foiz imtiyoz belgilandi.

Shuningdek, endilikda yo‘lovchilar platskart vagonlari uchun chiptani 45−41 kun oldin xarid qilsa 45 foiz, 40−31 kun oralig‘ida 35 foiz, 30−6 kun muddatda esa 25 foiz chegirmaga ega bo‘ladi.

Tadbir davomida vagonlarda servis xizmatini yanada oshirish borasida fikr yuritildi. Hamkorlikda yangi yo‘nalishlarni joriy etish, uning texnik va texnologik jihatlari ham muhokama qilindi.