Moliya vazirligida jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov davlat byudjeti daromadlarining 2018 yilda kutilayotgan ijrosi 2019 yildagi byudjet parametrlari haqida ma’lumot berdi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Joriy yil yakuni bo‘yicha Davlat byudjeti daromadlari 74,5 trillion so‘m, xarajatlari esa 78,5 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Tasdiqlangan parametrlar 12,3 trillion so‘m ortig‘i bilan bajariladi. Masalan, Andijon viloyatida 2018 yil yakunlari bo‘yicha ko‘rsatkich 279,6 milliard so‘mga yetadi. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 61,2 milliard bo‘lgan.

Tuman va shaharlarni ko‘radigan bo‘lsak, misol uchun Oqqo‘rg‘on tumani ixtiyorida 2017 yil yakunlari bo‘yicha atigi 449 million so‘m qoldirilgan. Tasavvur qilinglar, bu mablag‘ga 3 ming 200 metr ko‘chani asfalt qilsa bo‘ladi xolos, yoki 4 dona ichimlik suvi nasosini o‘rnatsa bo‘ladi. 2018 yilda esa bu tuman ixtiyorida 3 mlrd. so‘m qoladi.

Mahalliy soliqlar bo‘yicha tushumlarning sur’atlari ham jonlanib qolganligini quyidagi raqamlar ko‘rsatadi, ya’ni 2017 yilda tadbirkorlardan undiriladigan qat’iy belgilangan soliq tushumlari respublika bo‘yicha 1 trillion 42,9 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga kamayganligiga qaramasdan, 1trillion 127,6 mlrd. so‘mga yetadi va o‘sish 108,1 foizga teng bo‘ladi.

Daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida byudjet xarajatlarining o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga yoki 29,2 trillionga so‘mga oshirildi. Buning evaziga «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Yoshlar kelajagimiz» kabi yirik dasturlarni boshlashimiz uchun zamin yaratildi va ushbu dasturlarga joriy yilda 2 trillion so‘mdan ziyod, arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga 3,6 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.

Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kredit berish maqsadida «Mikrokredit» va «Xalq banki» ustav kapitallariga qo‘shimcha 350 milliard, aholini ish bilan ta’minlash tadbirlariga 350 milliard so‘m sarflanmoqda.