O‘zbekistonda 16 noyabrdan avtobenzin va dizel yoqilg‘isi narxlari ko‘tariladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 1 noyabrdagi yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari va tariflarini bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Adliya vazirligining Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, iste’mol solig‘ini hisobga olgan holda avtobenzin va dizel yoqilg‘isi chakana narxlari:

Ai-80 avtobenzinga — 4 000 so‘m/litr (hozir — 3800 so‘m, o‘sish — 5,2 foiz);

Ai-91 avtobenzinga — 4 500 so‘m/litr (4300, +4,6%);

dizel yoqilg‘isiga — 4 800 so‘m/litr (4100, +17%);

EKO dizel yoqilg‘isiga — 4 900 so‘m/litr (4200, +16,6%) etib belgilandi.

Qayd etish joizki, avtobenzin narxlari oshishi ilk bor oldindan e’lon qilinmoqda. Bunga qadar narxlar o‘tgan yilning 15 noyabrida oshgan edi.

16 noyabrdan elektr energiyasi va gaz tariflari ham oshiriladi.