Joriy yilning 14−16 noyabr kunlari Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida «Transport va logistika — TransUzbekistan 2018» o‘n beshinchi xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston, Xitoy, Latviya, Litva, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Eron, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi mamlakatlarning 40 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etishi kutilayotgan ushbu an’anaviy ko‘rgazmada transport-logistika xizmatlari, harakatdagi poyezdlar va temir yo‘l infratuzilmasi, avto ehtiyot qismlar, tijorat transporti, yo‘l infratuzilmasi, trafik va xavfsizlik hamda tegishli xizmatlar taqdim etiladi.

— Transport va logistika bozori professionallari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashda ushbu ko‘rgazmaning alohida o‘rni bor, — dedi «Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi marketing menejeri Bahrom To‘ychiyev. — Chunki unda ishtirokchilar uchun biznes aloqalarni o‘rnatishda katta maydon yaratiladi. Ular bu yerda nafaqat o‘z imkoniyatlarini taqdim etadi, balki barcha ishtirokchilar faoliyati bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ladi. Bu esa har bir kompaniyaning kelgusi rejalarini belgilashda ahamiyatlidir.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma «Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan va O‘zbekiston xalqaro ekspeditorlar (UIFA), Xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar (AIRCUZ) hamda Bojxona brokerlari uyushmalari ko‘magida o‘tkaziladi.