Joriy yilda sodir etilgan teraktlarning yarmidan ortig‘i Afg‘onistonda amalga oshirildi, deya ma’lum qildi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) bosh kotibi Rashid Alimov 31 oktyabr kuni.

Toshkentda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi SHHTga a’zo davlatlar huquqni muhofaza qilish organlari, BMT, YeXHT, MDH xalqaro aksilterror tuzilmalari vakillari ishtirokida «Terrorizmga qarshi kurash — chegarasiz hamkorlik» xalqaro konferensiyasini o‘tkazmoqda.

«(Joriy yildagi — tahr.) hujumlarning yarmidan ko‘pi jabrdiyda Afg‘onistonda toliblar va „Islom davlati“ jangarilari tomonidan amalga oshirildi», — dedi Rashid Alimov anjumanni ochar ekan.

Xalqaro ekspertlar hisob-kitoblariga tayanib, u joriy yilning to‘qqiz oyi davomida dunyoda 1550 terroristik xuruj amalga oshirilganini qayd etdi.

«Bu kunidan beshdan ortiq terakt degani», — deya qo‘shimcha qildi Rashid Alimov. Mazkur teraktlarning 40 foizi o‘q otar qurollar va portlovchi vositalar, 24 foizi esa avtomobillarga bomba qo‘yish orqali sodir etilgan.

SHHT bosh kotibi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi SHHTga a’zo davlatlar fuqarolari tinch va xotirjam hayot kechirishlari uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini ta’kidlab o‘tdi.

U SHHT BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, jumladan Kontrterrorizm boshqarmasi va boshqa tuzilmalar, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni muntazam kengaytirishini qayd etib o‘tdi.