Qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan Qoraqalpog‘istonda joylashgan «Qizil qal’a» va «Shamun Nabiy» yodgorliklari ta’miri yuzasidan tekshiruv o‘tkaziladi. Bu haqda 1 noyabr kuni Madaniyat vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Madaniy me’ros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish Bosh boshqarmasi bosh inspektori G‘iyosiddin Rejabov ma’lum qildi.


Uning qayd etishicha, mazkur masala bo‘yicha malakali, bilimli ekspertlar komissiyasi tayinlanadi. «Arxiv hujjatlarini qiyosiy tahlil qilish natijasida ekspertiza xulosasi paydo bo‘lishi lozim. Agar ekspertlar ushbu holatni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini isbotlasa qonuniy chora ko‘rilishi shart. Shu bilan birga, Tekshiruv komissiyasi bilan birga, Ekspert xulosasi chiqmaguncha xulosa chiqarish noo‘rin deb o‘ylayman», - dedi u.


«Tan olish kerakki, bizda madaniy me’ros obidalarini restavratsiya va konservatsiya qilish ishlari talab darajasida emas, - dedi madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova. - Ikki jarayonni bir-biriga aralashtirib yuborish oqibatida madaniy yodgorliklarimizda o‘z aksini yo‘qotish holatlari kuzatilmoqda. Bu sohada ayni kundagi muammo restavratsiya va konservatsiya qilishning tub mohiyatini tushunadigan mutaxassislarning yetishmayotganligidir».


Tadbirda so‘z olgan Madaniyat vazirligi jamoatchilik kengashi raisi Zafar Hakimovning ta’kidlashicha, yodgorliklarni restavratsiya va konservatsiya qilish, degani uni yangitdan qurish degani emas, balki aslini o‘zgartirmagan holda ta’mirlash demakdir. «Ammo „Shamun Nabi“ maqbarasi qaysi davrda qay holatda o‘zgarganligi to‘g‘risida bir narsa deyish qiyin. Bu jiddiy masala, ushbu holatni tekshirish va o‘rganishlarsiz bir qarorga kelish noo‘rin deb o‘ylayman. Maqbaraning avvalgi holatida xech qanday bezaklarning mavjud emasligini inobatga olgan holda, uning konstruksiyasi va ichki ko‘rinishi saqlanib qolingan bo‘lsa xech qanday katta xato yo‘q deb o‘ylayman», - dedi u.


Madaniy me’ros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining Qoraqalpog‘iston inspeksiyasi boshlig‘i Quanishbek Sharipovning ma’lum qilishicha, Xo‘jayli tumani Mizdakxon kompleksidagi Mazlumxon suluv qabristoni avariya holatiga kelib qolgan. Mahalliy ziyoratchilar murojaatlarini inobatga olgan holda, qayta ta’mirlash taklifi berilgan.


«Maqbara achinarli holatga kelib qolgandi, xususan, ichki tomoniga yomg‘ir o‘tib o‘rtadagi ikki gumbaz g‘ishtlari qulab tushganligi sabab atrofida aylanib yurish imkoni yo‘q edi. Maqbaraning kirish qismi ham qulab qolgan bo‘lib, ichkariga kirish xavfli edi», - dedi u.