O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlariga Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksiyordam ko‘rsatish kompleksiga yordamlashish vazifasini topshirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

29 oktyabr kuni davlat rahbari farmoni bilan kompleks rahbari, bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev faoliyatidagi kamchiliklar sababli lavozimidan ozod qilingan edi. Hujjatda Bosh prokuraturaga qishloq xo‘jaligi sohasidagi qonun buzilishlari ustidan tekshiruv o‘tkazish topshirildi.

31 oktyabr kuni qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish sekinlik bilan amalga oshirilayotganini tanqid qildi. 140 ming kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlarini saqlash uchun juda ko‘p mablag‘ sarflanmoqda, deya qayd etdi u.

«Suvni tejovchi texnologiyani qo‘llash hisobiga 50−60 foiz suvni iqtisod qilish mumkin. Birgina ko‘chma egiluvchan quvurlardan foydalanish suvni 10−15 foizga, tomchilatib sug‘orish esa 35−65 foizga tejash imkonini beradi. Lekin, tomchilatib sug‘orish tizimi juda kam maydonlarda joriy etilgan, xolos», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, 2019−2021 yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Isroil davlatining bu boradagi tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. U yerda qishloq xo‘jaligi tomchilatib sug‘orishga moslashgani uchun bir kilometr ham kollektor drenaj tarmog‘i va sho‘rlangan maydonlar yo‘q. Melioratsiya tadbirlariga umuman xarajat qilinmaydi.

Qishloq xo‘jaligi kompleksidagi eng asosiy masalalardan biri eksportbop meva-sabzavot yetishtirish va uni eksport qilishdir. Ammo Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi hududlar rahbarlari bilan tizimli ish olib bormagani oqibatida eksport prognozini to‘liq ta’minlay olmaslik xavfi mavjudligi qayd etildi.

Yig‘ilishda tegishli vazirlik va tashkilotlarga Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya va boshqa davlatlar bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.