29−31 oktyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston neft va gaz sanoatida GTL (gazdan suyuqlik) loyihasi bo‘yicha kreditorlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etish uchun Koreya eksport-import banki, Koreya savdo va sug‘urta korporatsiyasi, «Gazprom» aksiyadorlik jamiyati, «Roseksimbank» aksiyadorlik jamiyati hamda Eksport kreditlari va investitsiyalarni sug‘urtalash bo‘yicha Rossiya agentligi vakillaridan iborat kreditorlar delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi.

«Davlatimiz hukumati GTL loyihasining yakuniy moliyalashtirish tuzilmasini ma’qulladi va joriy yilning noyabr oyi oxiriga qadar barcha moliyalashtirish masalalarini muvofiqlashtirishni yakunlash va kreditlarni jalb qilishni boshlash vazifasini qo‘ydi. Umid qilamanki, mazkur uchrashuv ishtirokchilarga bu vazifani bajarish imkonini beradi», — dedi «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Sayidov ochib berar ekan. Uning fikricha, jahon neft narxlarining o‘sish tomon sur’atlari GTL loyihasining jozibadorligini yanada oshirmoqda.

2017 yilning boshida «O‘zbekneftgaz"ning yuz foizlik sho‘’ba korxonasi Uzbekistan GTL Qashqadaryo viloyatida qiymati 3,7 mlrd dollar bo‘lgan sintetik yonilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga kirishgan edi. U yiliga 3,6 mlrd kub metr gazni qayta ishlab, 743,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 311 ming tonna aviakerosin, 431,1 ming tonna naft va 20,9 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqaradi.

Zavod qurilishining texnologik qismi bilan Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering&Construction kompaniyasi shug‘ullanadi, mahsulotlar litsenziyalovchisi esa — Janubiy Afrikaning Sasol kompaniyasi. Daniyaning Haldor Topsoe ishlab chiqarish texnologiyalarini yetkazib beradi. Loyiha to‘rt yil davomida amalga oshiriladi.