O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tijorat banklari bilan depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq depozit operatsiyalari Markaziy bank bilan tijorat banklari o‘rtasida tuziladigan Markaziy bankning depozit operatsiyalarida qatnashish to‘g‘risidagi Bosh bitimga asosan milliy valyutada amalga oshiriladi.

Depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari Kredit qo‘mitasi tomonidan o‘rnatiladi.

Shuningdek nizomda belgilanishicha depozit operatsiyalarini amalga oshirishda tijorat banklari majburiy rezerv talablarini o‘z vaqtida va to‘liq bajargan bo‘lishi, qarz majburiyatlari bo‘lmasligi lozim.

Markaziy bank tomonidan depozit auksioni (foizli va miqdoriy), o‘zgarmas foiz stavkasi bo‘yicha depozit operatsiyalari amalga oshiriladi.

Auksioni to‘g‘risidagi ma’lumot auksiondan uch ish kuni oldin Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Bundan tashqari depozit auksioni quyidagi standart shartlar asosida o‘tkazilishi belgilandi:

«1 hafta" — muddati yetti kalendar kunidan;

«2 hafta» — muddati o‘n to‘rt kalendar kunidan;

«1 oy» — muddati bir oydan;

«3 oy» — muddati uch oydan iborat depozit operatsiyasi;

boshqa shartlar asosida — depozit muddati Markaziy bankning depozit auksioni o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotida ko‘rsatiladi.

Foizli depozit auksionlari ikki xil usulda o‘tkazilishi mumkin:

«amerikacha» usul — tijorat banklarining raqobatli arizalari ularda taklif etilgan foiz stavkalari bo‘yicha;

«gollandcha» usul — tijorat banklarining raqobatli arizalari chegirish stavkasi bo‘yicha qondiriladi.