Hukumat qarori bilan Yong‘inga qarshi avtomatika vositalarini, qo‘riqlash signalizatsiyalarini, yong‘indan darak beruvchi va qo‘riqlash-yong‘indan saqlash signalizatsiyalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Telegram-kanalida xabar qildi.

Nizomga muvofiq, litsenziyalash suvli, gazli, kukunli yong‘inni o‘chirish qurilmalarini, qo‘riqlash signalizatsiyalarini, yong‘indan darak beruvchi va qo‘riqlash-yong‘indan saqlash va yong‘in haqida xabar berish signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatga tatbiq etiladi.

Nizom bilan mazkur faoliyatni litsenziyalash Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Litsenziya olish uchun talabgor tomonidan taqdim etiladigan zarur hujjatlar:

  • litsenziya berish to‘g‘risida ariza;
  • litsenziyalovchi organ tomonidan ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • mutaxassislarning malaka tarkibi to‘g‘risida tegishli hujjatlar (mehnat daftarchasining, ma’lumoti yoki maxsus tayyorgarligi to‘g‘risidagi hujjatlarning nusxalari) ilova qilingan ma’lumotlar;
  • litsenziyalanayotgan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik bazaning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirishda:

  • ilgari sudlangan va qasddan jinoyat sodir etganligi uchun muddati o‘talmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning;
  • ruhiy kasalliklar, giyovandlik, toksikomaniya, alkogolizm yuzasidan hisobda turuvchi shaxslarning ishga yollanishiga yoki jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

Avtotransport vositalarida o‘rnatiladigan yong‘inga qarshi texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati litsenziyalanmaydi.