O‘zbekiston Respublika bosh Davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliyev Toshkentda bir oilaning to‘r farzandi nima sababdan vafot etganini ma’lum qildi. Unga ovqatdan zaharlanish emas, balki is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Avvalroq chorshanba kuni erta tongda «Do‘mbirobod» tumanidagi xususiy xonadonda yashovchi Akbarova Aziza (1996 y. t.), E’zoza (2001), Iroda (2003) va Farrux (2012) bir xonada jonsiz holatda topilgani haqida xabar bergan edik. Yetib kelgan tez tibbiy yordam shifokorlari o‘lim holatini qayd etdi.

Ularning onasi Umida Xayitova (1976) ayni paytda is gazidan yengil darajada o‘tkir zaharlangan holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanmoqda, ahvoli qoniqarli. Uning turmush o‘rtog‘ida zaharlanish alomatlari qayd etilmadi.

Xabar qilinishicha, oila yaqinda uch qavatli yangi uyga ko‘chib o‘tgan. U yerto‘ladagi gazli pech orqali isitilgan.
Bolalar o‘limi sabablarini aniqlash uchun bosh vazir Abdulla Aripov topshirig‘i bilan hukumat komissiyasi tuzilgan.