Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Pop tumanida uchta fermer xo‘jaligi tomonidan 3 tonna qum va tuproq shu kuni sotilgan 9 694,7 ming so‘mlik paxta xomashyosi o‘rniga o‘tkazilganligi aniqlangan. Bu haqda O‘zA Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, «Pop paxta tozalash"AJ o‘tkazilgan tezkor tadbirda, paxta topshirish Maskani brigadiri Furqat Rahimov «Shamsiddin-Dildora» fermer xo‘jaligida terilgan paxta xomashyosi ostiga yashirilgan 1 tonna tuproq va qumni o‘tkazib berish evaziga Shuhrat Usmonovdan 300 AQSH dollari va 400 ming so‘mni olib, qum va tuproqni jamiyat hududiga tushirib chiqqan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushirildi.

Shuningdek, tezkor tadbir jarayonida tumandagi «Oltin zamin Rasul» va «Abdurashid ota T» fermer xo‘jaliklarining paxta xomashyolari olib kelingan transport vositalarining har birida polietilen qoplarda bo‘lgan 1 tonnadan tuproq va qum borligi aniqlandi.

Jamiyat hududidagi 27-buntning ichida tuproq uyumlari mavjud bo‘lib, paxta saqlash maydonchasida mavjud xomashyo 1-nav 1-sinfga mansubligi va uni ichiga 1,8 tonna tuproq aralashtirib yuborilganligi Departament xodimlari tomonidan fosh etildi. Mazkur almashtirib qo‘yilgan tuproq uchun davlatdan 6,313 ming so‘m pul undirilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan «Pop paxta tozalash"AJ qoshidagi PTM brigadiri Furqat Rahimov va jamiyatning boshqa mansabdor hamda moddiy javobgar shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.