O‘zbekistonda kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risidagi farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Unda qayd etilishicha, respublika kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish uchun amaliy tajriba, intellektual resurslar va bazaviy kosmik infratuzilmalarga ega.

Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi sohani nazorat qiladi. U kosmik sohani rivojlantirish va undan foydalanish jabhasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga tatbiq etishga javobgar hisoblangan davlat boshqaruv organi bo‘ladi.

«O‘zbekkosmos» agentligi huzurida Ilmiy-texnik va ekspertlik kengashini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Uning tarkibidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Mudofaa, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitalari, Fanlar akademiyasi vakillari o‘rin oladi.

2019 yil 1 fevralga qadar «Kosmik faoliyat to‘g‘risida"gi qonun loyihasi, 2018 yil 20 dekabrga qadar - 2019-2029 yillarda kosmik faoliyatni rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi, 2019 yil 1 noyabrga qadar - 2019-2029 yillarda kosmik faoliyatni rivojlantirish davlat dasturi loyihasi ishlab chiqiladi.

Konsepsiya va dastur loyihalarida yuqori darajadagi sanoat va ekologik xavfsizlik texnologiyalari qo‘llanilgan holda kosmik soha infratuzilmalari ob’ektlarini qurish, shuningdek O‘zbekiston va xorijdagi OTM hamda o‘quv markazlarida mutaxassislar tayyorlash masalalari o‘rin oladi.

O‘zbekiston talabalari va mutaxassislarini Yevropa hamda Janubiy Osiyodagi kosmik o‘quv markazlarida o‘qish va malaka oshirish uchun jo‘natish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, 2019 yil 1 sentyabrga qadar Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetida «Amaliy kosmik texnologiyalar» kafedralari tashkil etiladi. 2019 yil 1 sentyabrdan esa Rossiyaning ixtisoslashgan OTMlarida har yillik qabul va maqsadli ta’lim ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, fevralda prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoyishni imzolagan edi. Mazkur hujjatga binoan shakllantirilgan komissiya milliy sun’iy yo‘ldosh tarmoqlarini yaratish, kosmonavtika muvaffaqiyatlarini joriy etish va soha uchun kadrlar tayyorlash, kosmik va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarga milliy ishlab chiqaruvchilar va moliyaviy mablag‘larni jalb qilish yuzasidan takliflar tayyorlashi lozim edi.