28 oktyabr kuni 21:30 da A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomagistralining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani hududidan o‘tgan 817-kilometrida Cobalt avtomobili ag‘darilib ketdi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Yo‘l-transport hodisasi, xabarda qayd etilishicha, haydovchining transport vositasi boshqaruvini yo‘qotgani natijasida sodir bo‘lgan.

YTH natijasida uch fuqaro halok bo‘ldi, bir kishi tan jarohatlari oldi. Jabrlangan shaxs Shumanay tuman markaziy shifoxonasiga yetkazildi.

Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shu kuni Shumanay tumanida Nexia avtomobili yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashib ketgan edi. Yengil mashina haydovchisi yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda poyezd yo‘lini kesib o‘tishga urinishi bunga sabab bo‘ldi.

Hodisadan ikki hafta muqaddam, 14 oktyabrda esa Nexia avtomobilining traktor tirkamasi orqasiga borib urilishi oqibatida olti kishi, jumladan ikki nafar maktab o‘quvchisi hayotdan ko‘z yumgan edi.