30 oktyabr kuni Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida yangi, zamonaviy suv havzasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tantanali marosimda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov, «Bilayn O‘zbekiston» kompaniyasi bosh direktori Dmitriy Shukov, sportchi va murabbiylar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va boshqalar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov so‘zga chiqar ekan, ushbu suzish havzasi o‘zbek sporti uchun katta ahamiyatga ega ekanligini, kelajakda bu yerdan olimpiya va jahon chempionlari yetishib chiqishiga tilakdosh ekanligini aytib o‘tdi.

Marosimda shuningdek, Vladimir Tyurdenev, Sharifjon Mo‘minjonov, Dmitriy Shukov ham so‘zga chiqishdi va o‘zlarining eng samimiy tilaklarini bildirib o‘tdilar.

Ochilish marosimidan so‘ng suv havzasida suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Qayd etish lozimki, «Bilayn O‘zbekiston» kompaniyasi ko‘magi bilan barpo etilgan ushbu sport majmuasi olimpiya standartlariga mos ravishda yaratilgan. Uzunligi 50 metr, kengligi 25 metrni tashkil etuvchi mazkur suzish havzasida jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarni ham qabul qilish mumkin bo‘ladi. Undan tashqari, binoda faqatgina suv konstruksiyasi mavjud bo‘libgina qolmay, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan o‘quv sinflari, sport zali, tibbiyot xonasi ham mavjud. Musobaqalar vaqtida sportchilarni joylashtirish uchun ham sharoitlar yaratilgan.

Suv havzasi qurilishida Ispaniya va Daniyadan zamonaviy uskunalar keltirildi. Start nuqtasi, chiziqlar, bayroqchalar, zinapoyalar, havzaning pastki va chet devorlaridagi belgilar Xalqaro suzish federatsiyasi — FINAning talablariga javob beradi.