Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumanida yo‘lovchi poyezdi avtomobil bilan to‘qnashib ketdi. Bu haqda Kruz.uz sayti Qoraqalpog‘iston IIBga tayanib xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 28 oktyabr kuni Shumanay tumani «Begjap» ovul fuqarolar yig‘ini hududida «Neksiya» rusumli avtomobil haydovchisi yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda poyezd yo‘lini kesib o‘tishga uringan.

Natijada «Qo‘ng‘irot-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanayotgan 54-sonli yo‘lovchi tashuvchi poyezdi avtomobilni urib yuborgan.

YTH oqibatida yengil avtomobil haydovchisi, Qonliko‘l tumanida yashovchi B.K. tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. To‘rt nafar yo‘lovchiga esa voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.