Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i B.Fayziyev to‘ylarda qo‘shiqchilik, suxandonlik, video-tasvirchilik bilan shug‘ullanayotganlarning qay darajada qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgani haqidagi savollarga javob berdi.

— Gastrol-konsert, shu jumladan, suxandonlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkinmi?

— Yo‘q mumkin emas. Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatida konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish hamda tantanali marosimlarini tashkil etish xizmatlari belgilangan bo‘lib, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilinib, har oyda faqat eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sug‘urta badallari to‘lanishi belgilangan.

Tantanali marosimlarini tashkil etish xizmatlarini amalga oshirilishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa faoliyatini amalga oshiradigan hudud bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq hamda eng kam ish haqining bir varavaridan kam bo‘lmagan miqdorda sug‘urta badali to‘laydilar.

— To‘y va boshqa tantanali marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan san’atkorlar guruhining solistida litsenziya bo‘la turib, boshqa guruh a’zolariga alohida ushbu litsenziya bo‘lishi yoki davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tib yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lishi shartmi?

-Shart emas. Yuridik shaxsni tashkil etmasdan Oilaviy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor (solist) o‘zining guruhiga yaqin qarindoshlarini (otasi, aka-ukalari) a’zo qilgan holda faoliyat ko‘rsatishlari mumkin. Ushbu holatda oilaviy tadirkorning a’zolari har oyda eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida sug‘urta badali to‘laydilar.

Yoki, guruh rahbari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, 3 nafargacha bo‘lgan guruh a’zolarini yollanma ishchi sifatida ro‘yxatga kiritish orqali faoliyat ko‘rsatilishi qonunda nazarda tutilgan. Ushbu holatda ham yollanma ishchi sifatida kiritilgan 3 nafargacha guruh a’zolari har oyda eng kam ish haqining yarim barovari miqdorida sug‘urta badallari to‘laydilar.

— Litsenziya olmasdan ushbu faoliyat turi bilan qaysi tartibda shug‘ulansa bo‘ladi?

— Tadbirkorlikning «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish» bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan taqdirda litsenziya talab qilinadi. «Tantanali marosimlarini tashkil etish xizmatlari"ni (to‘y, yubiley, tug‘ulgan kun va hokazo) amalga oshirilishi bo‘yicha davlat ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatilsa, faoliyatni amalga oshiradigan hudud bo‘yicha qat’iy belgilangan (daromad) soliq va sug‘urta badali to‘lanadi.

— To‘y va boshqa tantanali marosilarda aholiga suxandonlik, foto va video tasvirga tushurish xizmati bilan ham alohida YATT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatish mumkinmi?

— Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatida «Video va fotosuratga olish xizmatlari» faoliyatini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, ushbu faoliyat bilan ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatni amalga oshiradigan hudud bo‘yicha qat’iy belgilangan (daromad) soliq va sug‘urta badali to‘laydi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda zamonaviy milliy estrada san’atini yanada rivojlantirish, estrada ijrochilarining professional mahoratini oshirish hamda iqtidorli yosh xonandalarni kashf etish uchun barcha zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalarda konsert xizmatidan tashqari boshqa turdagi ya’ni, to‘y-xashamlarda boshlovchilik qilish, suratga olish va video-tasvirga tushirish xizmatilarini ham ko‘rsatish cheklanmagan.

Buning uchun ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi shaxslar amaldagi tartib bo‘yicha «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan berilgan litsenziyaga ega bo‘lib, har oy yakunida eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sug‘urta badali to‘lovini to‘lashlari kerak.

Litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirmoqchi bo‘lgan shaxslar esa yakka tartibda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, respublika miqiyosida faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lsa har oyda eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida, viloyalarda mazkur faoliyatni amalga oshirmoqchi bo‘lsa eng kam ish haqining bir yarim baravari miqdorida, shuningdek, viloyatning ma’lum bir tumanida faoliyat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar eng kam ish haqining ikki yarim baravar miqdorida qat’iy belgilangan soliq va eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sug‘urta badali to‘lovini to‘lashlari lozim.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi san’atkorlar Murojaat bilan chiqib, letsenziyadan tashqari eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sug‘urta badali to‘lovini to‘lashni bekor qilishni talab qilishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sug‘urta badali to‘lovi barcha fuqarolar, jumladan murojaat etuvchilarning ham kelgusidagi pensiya ta’minotini kafolatlashga qaratilgan.