Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan olib borilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari natijasida viloyatdagi 792 nafar fuqaroning tadbirkorlik faoliyati qayta tiklandi hamda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi bilan ulardagi 5,3 milliard so‘m soliq qarzi hisobdan chiqarildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Ma’lumki, soliq tizimidagi o‘zgarishlarga asosan, joriy yilning 1 apreliga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslar va 2018 yil 1 apreldan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yoki faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning mavjud bo‘lgan qat’iy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar hamda moliyaviy jarimalar bo‘yicha qarzdorligi hisobdan chiqarilayapti.

— Qat’iy belgilangan soliqlar va moliyaviy jarima bo‘yicha to‘planib qolgan qarzlarimni tugatish chorasini ko‘ra olmay kelayotgan edim, — deydi tadbirkor Dilmurod Abdulazizov. — Soha vakillariga davlatimiz tomonidan berilayotgan bunday imtiyoz, soliqdan bo‘lgan qarzim kechilishini eshitib, boshim ko‘kka yetdi va shu kunning o‘zidayoq faoliyatimni qayta tikladim. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan mening 273,1 million so‘mlik soliq qarzlarim hisobdan chiqarildi.