Markaziy bank Boshqaruvining qarori (ro‘yxat raqami 1863−6, 2018 yil 26 oktyabr) bilan O‘zbekiston Respublikasi bank depozitorlarining Milliy axborotlar bazasi va unda mijozlarga xos raqam berish hamda bank hisobvaraqlari ro‘yxatini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Ma’lumot uchun: baza O‘zbekiston banklarida schyotlar ochgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida birlashtirgan. Har bir mijozga raqam berilib, u butun bank tizimi bo‘yicha xos hisoblanadi va xizmat ko‘rsatilishi uchun boshqa bankka o‘tilishi munosabati bilan o‘zgarmaydi. Bu bitta shaxsning turli banklarda ochilgan barcha birlamchi va ikkilamchi schyotlarini aniqlash imkonini beradi.

Qabul qilingan hujjatga asosan bazaga jismoniy shaxslar ham kiritiladi. Fuqarolarga 8 raqamdan iborat «80000001» dan «99999999» gacha bo‘lgan xos raqamlar beriladi. Banklar faqat boshqa raqam — shaxsiy identifikatsion raqami (14 raqamdan iborat bo‘lib, pasportda ko‘rsatilgan, keyingi o‘rinlarda — JSHSHIR) mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslarga mustaqil ravishda raqam berishlari mumkin. Agar jismoniy shaxsda JSHSHIR mavjud bo‘lmasa (masalan, o‘smir tomonidan hali pasport olinmagan bo‘lsa), raqam baza operatori — MBning Axborotlashtirish bosh markazi tomonidan beriladi. Xos raqam fuqarolarga umrbod beriladi. Jismoniy shaxsning vafot etishi holatidan tashqari, O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish yoki JSHSHIR mavjud bo‘lmagan jismoniy shaxs tomonidan uning olinishi uni o‘zgartirish uchun asos hisoblanadi.

Bundan tashqari, Bank depozitorlarining milliy bazasi orqali shaxsga xizmat ko‘rsatadigan barcha banklarga endi surishtiruv yoki tergov organi tomonidan barcha schyotlar bo‘yicha operatsiyalar vaqtincha to‘xtatib turilishi/tiklanishi bo‘yicha xabar uzatiladi. Masalan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlashda (JPKning 290 va 294-moddalariga qarang) plastik kartalar va depozitlar blokirovka qilinishi mumkin. Shuningdek, baza orqali jismoniy shaxslarning schyotlariga nisbatan Nizomga 1-ilovada nazarda tutilgan boshqa harakatlar amalga oshirilishi mumkin.