Qoraqalpog‘istonlik yosh dasturchi Damir Asamatdinov «Emoji Math» nomli mobil qurilmalar uchun o‘yin dasturi ishlab chiqdi. 5 yoshdan yuqori yoshdagilar uchun mo‘ljallangan o‘yin bolalarning aql-idrokini o‘stirish, matematika fanini o‘rgatishga yo‘naltirilgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘yin qo‘shish, ayirish, bo‘lish, ko‘paytirish va aralash amallaridan iborat 5 qismdan tashkil topgan. O‘yin quvnoq mevalar bog‘ida o‘ynaladi. Mevalar tugamaydi, o‘yinchi qancha ko‘p meva yesa shuncha o‘yinchining tezligi oshib boradi. Mevalar uchga bo‘linib tushadi, shulardan ikkitasi zaharlangan, bittasi toza. Zaharlanmagan mevani topish uchun o‘yinchi taxtada ko‘rsatilgan matematika savoliga to‘g‘ri javob topib, to‘g‘ri keladigan javob qatoridagi meva zaharlanmaganligini bilib oladi. Har bir to‘g‘ri tanlangan meva uchun o‘ng sonlar bilan o‘ynasa bir yulduzcha, teskari sonlar bilan o‘ynalsa ikki yulduzcha sovg‘a tariqasida beriladi. Bu yulduzchalarni zaharlanmagan mevani biladigan «emoji"dan so‘rash yoki bilmasdan zaharlangan mevani yeb qo‘ygan taqdirda zahrini kesib tashlash mumkin.

Yosh dasturchi Damir matematikaga qiziqadi va shu tufayli yangi o‘yinni yaratishga muvaffaq bo‘lgan. U milliy softver sanoatining rivojiga hissa qo‘shishni oldiga maqsad qilgan. Kelgusida mazkur o‘yinni yanada takomillashtirib borish niyatida.

Ayni paytda «Emoji Math» o‘yinini Play Market dasturi orqali yuklab olish mumkin.