O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 oktyabr kuni joriy yilda davlat byudjetining kutilayotgan ijrosi, 2019 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, byudjet-soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda joriy yil yakuni bo‘yicha davlat byudjeti daromadlari 74,5 trillion so‘m, xarajatlari esa 78,5 trillion so‘mni tashkil etishi, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 5,5 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 6 barobar ko‘p mablag‘ qolishi kutilayotgani qayd etildi.

Byudjet xarajatlari 2017 yilga nisbatan 60 foiz yoki 29 trillion so‘mga oshgan. Ushbu mablag‘larning 5,6 trillion so‘mi «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Yoshlar — kelajagimiz» davlat dasturlari va arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish, aholini ish bilan ta’minlash uchun «Mikrokreditbank"ka 700 milliard so‘m va «Xalq banki"ga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘, mamlakat mudofaa qobiliyatini oshirishga 4,5 trillion so‘m ajratildi.

Byudjet sohasi xodimlari ish haqlari, pensiya va nafaqalarini inflyatsiya ko‘rsatkichidan yuqori oshirish bilan birga tarbiyachilar, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, profesor-o‘qituvchilar, madaniyat xodimlarining ish haqlari 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi.

Valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xo‘jaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi va kapital quyilmalar oshishi byudjet daromadlari ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

«Yil yakuniga qadar yana ikki oy bor. Shuning uchun barcha rezervlarni ishga solib, byudjetda yuz berishi mumkin bo‘lgan defitsitning oldini olish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda kelgusi yili byudjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy o‘zgarishlar natijasida aholi va biznesga katta yengilliklar yaratilishi ta’kidlandi.

Xususan, 2019 yil 1 yanvardan:

  • tushumdan olinadigan majburiy ajratmalarni to‘liq bekor qilish natijasida korxonalarda qo‘shimcha 5,2 trillion so‘m daromad qoladi;
  • jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘ining eng yuqori stavkasi 22 foizdan 12 foizgacha, yagona ijtimoiy to‘lovi 25 foizdan 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sug‘urta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshadi;
  • yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i 5 foizdan 2 foizgacha, foyda solig‘i 14 dan 12 foizgacha, kichik biznes sub’ektlari yagona solig‘i 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilishi natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoladi. Umuman olganda, mavjud 19 ta soliq va majburiy to‘lovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi.

Bunday yengilliklar natijasida byudjet tushumlarini ta’minlash biroz qiyinlashadi. Shu bois yig‘ilishda byudjet defitsitini qisqartirish, daromadlarni ko‘paytirish, jumladan, ishchilar soni va ish haqini legallashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

2019 yilgi Byudjetnomani, shuningdek, soliq siyosatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqib, yaqin vaqt ichida Oliy Majlisga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etish, mavjud imtiyozlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, optimizatsiya qilish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

2019 yilgi byudjetning xarajatlar qismi muhokama qilinar ekan, prezident uni asosan ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi.

«Kelgusi yil ham byudjetdan to‘lanadigan oylik, pensiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirishimiz kerak. Bunda oylik maoshining o‘sishi nisbatan past bo‘lgan ijtimoiy soha xodimlariga asosiy e’tibor qaratish, jumladan, tibbiyot xodimlarining oyligini 26,5 foizga, oliy ta’lim va fan muassalalari xodimlari ish haqini 1,5 barobarga oshirish zarur», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ijtimoiy nafaqalar uchun mablag‘lar hajmini 20 foizga ko‘paytirish, umuman, oylik va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning davlat byudjeti xarajatidagi ulushini 49 foizdan 54 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.