O‘zbekistonning Qozon shahridagi (Rossiya) bosh konsuli etib Fariddin Nasriyev tayinlandi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

U bunga qadar TIV Konsullik-huquqiy departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

O‘z faoliyatini boshlayotgan bosh konsulxonaning konsullik okrugiga Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi, Kirov viloyati, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijniy Novgorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurt Respublikasi, Ulyanovsk viloyati, Chuvash Respublikasi hududlari kiradi.

Avvalroq Rossiyaning bir qancha yirik shaharlarida O‘zbekistonning bosh konsulxonalari ochilgan edi. Martda mamlakatning Sankt-Peterburgdagi bosh konsulxonasi faoliyatini boshladi. Unga Mehriddin Xayriddinov rahbar bo‘ldi. Avgustda Abdusalom Xotamov O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh elchisi sifatida ishga kirishdi. Oktyabrda esa Rustam Ismoilov Vladivostokdagi bosh konsulxonasiga rahbar etib tayinlandi.

O‘zbekistonning Rostov-na-Donudagi bosh konsulxonasining ochilishi kutilmoqda.