To‘qqiz oy mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 323983 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shunda da’vogarlar foydasiga 8,8 trln so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,1 foizga oshgan. Bu haqda Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘tgan davrda eng ko‘p iqtisodiy ishlar Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta’sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya’ni 206918 tasi bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 2 504 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 1,5 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 32097 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 772,7 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, ijara, pudrat, kredit, lizing, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 227 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 142 ta qaror bekor qilindi va 42 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.