Toshkentda O‘zbekiston — Rossiya yoshlar biznes-inkubatori ochilishi mumkin. Bu haqda Rossiya yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari Tatyana Seliverstova Toshkentda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston-Rossiya yoshlar biznes-forumidagi chiqishida ma’lum qildi, deyiladi O‘zA xabarida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning oktyabr oyida ikki mamlakat yoshlarining istiqbolli biznes g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish maqsadida, Belgorod shahrida Rossiya — O‘zbekiston birinchi biznes-inkubatori o‘z ishini boshlagan. Endilikda shu yilning dekabr oyida Toshkentda ham hamkorlikda ilk biznes-inkubatori tashkil etiladi.

Forumda so‘zga chiqqan yana bir ishtirokchi, Rossiya yoshlar ittifoqining Xalqaro biznes loyihalar markazi direktori Aleksey Yejovning bildirishicha, ayni vaqtda RFda 20 dan ziyod Rossiya-Xitoy yoshlar biznes-inkubatori faoliyat yuritmoqda.

«Umid qilamizki, istiqbolda hamkorlikda tashkil etiladigan mamlakatlarimiz yoshlarining biznes-inkubatorlari bu raqamga yetibgina qolmay, uni quvib o‘tadi ham. Buning uchun bizda barcha imkoniyat va sharoit bor. Qolaversa, tashkilotlarimizning ayni sohadagi tashabbuslarini hukumatlarimiz izchil qo‘llab-quvvatlamoqda», — dedi Aleksey Yejov.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Toshkentda O‘zbekiston-Rossiya yoshlar festivali o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston — Rossiya yoshlar biznes-forumi, turizm mavzusiga bag‘ishlangan amaliy konferensiya, yosh jurnalistlar va blogerlar kongressi kabi qator tadbirlarni o‘z ichiga olgan ushbu festival joriy yilning 1 noyabriga qadar davom etadi.