O‘zbekiston Badminton federatsiyasi yangi sport inshootining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Badminton federatsiyasi raisi, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov hamda qator vazirlik va sport federatsiyalari rahbarlari, taniqli sportchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi qurib foydalanishga topshirilgan majmuada 5 ta badminton korti, 100 o‘rinli yotoqxona, kiyinish xonalari, tibbiyot xonasi, nazariy bilimlar uchun mo‘ljallangan xonalar va murabbiylar xonasi mavjud.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Aziz Abduhakimov prezident tomonidan badminton sport turini yurtimizda ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab, ushbu sport majmuasi ham davlat rahbarining tashabbusi bilan bunyod etilganligini aytdi. Shuningdek, badminton jahonda ommaviyligi bo‘yicha futboldan keyingi o‘rinda turishi, barcha yoshdagi insonlar salomatligi uchun foydali mashg‘ulot ekanligi haqida gapirib, yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish va rivojlantirish keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, Jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi so‘zga chiqib, sportchilarning ushbu sport turi bo‘yicha qo‘lga kiritgan yutuqlari, O‘zbekistonda badmintonni yanada ommalashtirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar haqida gapirib, badminton ishqibozlarini ushbu inshoot bilan qutladi.

So‘ngra, yosh badmintonchilarning o‘zlarining ko‘rgazmali o‘yinlarini namoyish etishdi.

Yakunda Bosh vazir o‘rinbosari badmintonni faol targ‘ibot qilayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga esdalik uchun badminton raketkalarini sovg‘a qildi.