27 oktyabr kuni Termizda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov hamda Germaniyaning Latviyada joylashgan «KEMA International Devolopment Ltd» kompaniyasi vakili Normund Kalnensh o‘rtasida Termiz city majmuasini bunyod etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda viloyat hokimligining Facebook-sahifasida xabar qilindi.


Unga ko‘ra, zamonaviy kompleksni shaharning uchta hududida qurish rejalashtirilgan bo‘lib, 2019 yilning yanvar oyidan Beruniy va Istiqlol ko‘chalari tutashgan 4,2 gektar bo‘sh yer maydonida 1-hudud qurilish ishlari boshlanadi. Bu yerda biznes markaz, mehmonxona, 2 ta 18 qavatli, 1 ta 22 qavatli uy, restoran va boshqa ob’ektlarni bunyod etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ishlar uchun bosh pudratchi — «KEMA International Devolopment Ltd» kompaniyasi dastlab 240 million dollar miqdorida sarmoya kiritadi.

Bundan tashqari, germaniyalik hamkorlar bilan bir vaqtning o‘zida Sherobod tumanida qiymati 400 million dollar bo‘lgan, yiliga 2,5 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi zavodni bunyod etish ham rejalashtirilmoqda.