28 oktyabr kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda o‘z tarixida birinchi marotaba musobaqa finaliga yo‘l olgan AGMK poytaxtning «Paxtakor» jamoasini mag‘lub etib, kubok sohibiga aylandi.

O‘yin hisobi uchrashuvning 16-daqiqasida ochildi. Poytaxt jamoasi darvozasiga tayinlangan 11 metrlik jarima to‘pini Yovan Jokich aniq yo‘lladi. Ikkinchi taymda - 54-daqiqada AGMKga darvozasiga penalti belgilandi. Ismoil Gonsalvesh hisobni tenglashtirdi. Biroq 3-daqiqadan so‘ng Yovan Jokich o‘z jamoasini yana oldinga olib chiqdi. Oybek Qilichev uzatgan to‘pni 19 metrlik masofadan darvozaga aniq yo‘lladi.

O‘yinning 90-daqiqasida Zohir Primovning goli AGMKga O‘zbekiston kubogini naqd qildi. Shuningdek, jamoa Osiyo chempionlar ligasi saralash bosqichida ishtirok etish imkoniyatini ham qo‘lga kiritdi.