Toshkent IIBB katta tezlikda harakatlanib, to‘qnashuv sodir etgan Lacetti avtomobili ortidan ta’qib qilgan YPX xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi belgiladi. Bu haqda boshqarma saytida xabar qilindi.

Hodisa 28 oktyabr kuni taxminan 2:00 da sodir bo‘ldi. YPX inspektorining to‘xtash haqidagi buyrug‘iga itoat qilmasdan, katta tezlikda harakatlanib, yashirinishga uringan yengil avtomobil haydovchisi Olmazor va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasida svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib, beton aralashtiruvchi HOWO mashinasiga borib urildi.

Avariya natijasida Lacetti bo‘laklarga bo‘linib ketdi. 29 yoshli haydovchi Jo‘rabek A. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. 26 yoshli yo‘lovchi Shaxboz X. esa hodisa joyida halok bo‘ldi.

Guvohlar tomonidan e’lon qilingan videoyozuvlarda IIBB mashinasining YPX sodir bo‘lgan joydan o‘tib ketgani tasvirlangan. Avariyaga uchragan avtomobilni ushbu YPX mashinasi ta’qib qilgan-qilmagani noma’lum.

IIBB xabarida qayd etilishicha, avariyaga uchragan mashina haydovchisi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, ya’ni aprelda sud qarori bilan mast holatda mashina boshqargani uchun 1,5 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan.

YTH hodisasi yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov jarayonida haydovchining tezlikni oshirishiga olib kelgan YTH sabablari va omillari aniqlanadi.