Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq ikki holatga chek qo‘yildi.

O‘zA xabariga ko‘ra, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi Mirzohid Oxunov «Andarxon» chegara posti orqali qo‘shni Tojikistonga o‘tib, u yerda 4 ming AQSH dollari evaziga opiy giyohvand moddasini xarid qiladi va jinoiy sherigi, Qo‘qon shahrida yashovchi Ulug‘bek Qayumovga telefon qilib, mazkur giyohvand moddani Qo‘qonga yetkazib berishni so‘raydi.

Ulug‘bek Qayumov giyohvand moddalarni Bekobod shahridan olib kelayotgan vaqtda Chag‘ali qishlog‘i yaqinida qo‘lga olindi. Qayumovning tanishi boshqaruvidagi mashinada 1 kg 984 gr opiy moddasi borligi aniqlandi hamda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Olib borilgan tezkor surishturuvlar davomida Mirzohid Oxunov ham qo‘lga olindi.

Marg‘ilon shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan Hoshim Ibrohimov Quvasoy shahridan Farg‘ona shahriga kirib kelayotganida to‘xtatildi. Qilmishi fosh bo‘layotganidan bezovtalangan Ibrohimov mashinadan tushib, qo‘lidagi buyumni ko‘chaga uloqtirib, qochib ketayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Uning jinoiy sherigi Marg‘ilon shahrida yashovchi Doniyor Mahmudov esa, voqea joyidan qochib ketdi. Ammo, olib borilgan tezkor tadbir davomida u Marg‘ilon shahrida qo‘lga olindi.

Ibrohimov tomonidan uloqtirilgan buyum xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, sellofan paketga o‘ralgan 672 gramm og‘irlikdagi «gashish» giyohvand moddasi ekani aniqlandi.

Tergovoldi surishtiruvlar jarayonida Ibrohimov va Mahmudov «gashish» moddasini qo‘shni Qirg‘iziston hududida sotib olib, Quvasoy shahrining Polmon qishlog‘i yaqinidagi aylanma yo‘l orqali O‘zbekistonga olib o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 246, 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.