Termizda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda yosh tadbirkor Olim Sapparov hamkorligida 8 ta aqlli bekat qurilib, jihozlandi, deya xabar qildi O‘zA.

Mazkur bekatlarda konditsioner, jamoat transporti harakat jadvalining tablosi, «Fuqaro — tezkor yordam xizmati» favqulodda aloqa axborot paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-fi internet tarmog‘i, video nazorati hamda USB elektr tarmog‘i nuqtalari, bank to‘lov terminali o‘rnatilgan.

Bekatlar va ularning yon-atrofida jamoat tartibini buzish holatlari bo‘yicha tezkor ma’lumot olish imkoniyati ham mavjud. Aholi taklif va istaklari asosida yangi bekatlar shahar telefon tarmog‘iga ham ulangan.

Zamonaviy jihozlangan har bir bekatga o‘rnatilgan quyosh elektr energiyasi panellari bekatning yoritgichlari va USB elektr tarmog‘i nuqtalarini avtonom elektr quvvati bilan ta’minlaydi. Bekatlarning 30 foiz qismi savdo-sotiq va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari uchun mo‘ljallangan. Qiziqarli kitob fondiga ega kutubxonalar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Orqa va yon modullari uyali polikarbonatli ustunlardan iborat innovatsion bekatlar laminatlangan o‘rindiqlar bilan jihozlangan. O‘zgaruvchan havo iqlimiga chidamliligini oshirish maqsadida uning ichki tomoniga iqlimni nazorat qiluvchi moslama o‘rnatilgan.

«Bekatlarimiz innovatsion oynalar bilan jihozlangan, — dedi tadbirkor Olim Sapparov.-Tunda ular katta ekran vazifasini o‘taydi. Ekranlarda ijtimoiy va tijoriy reklama roliklarini namoyish etmoqdamiz. Ularni bekat ichidan ham, tashqarisidan ham bemalol tomosha qilish mumkin. Loyihani ro‘yobga chiqarish uchun imtiyozli kredit mablag‘i olganmiz. Mazkur kreditni bekatlardan olinadigan daromad evaziga qoplab boramiz».

Yaqin kelajakda Surxondaryo viloyati markazida yana qirqdan ortiq aqlli bekat qurilib, ishga tushiriladi.