O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2018 yil 19 sentyabrdagi qaroriga asosan milliy chakana to‘lov tizimini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Markaziy bank saytida xabar berildi.

Xususan, aholi fikriga asoslangan to‘lov tizimining brendini yaratish maqsadida, joriy yilning 24 sentabr kuni Markaziy bank yangi tashkil etilayotgan to‘lov tizimining nomini aniqlash bo‘yicha tanlov e’lon qildi.

Tanlovning birinchi bosqichida 2,4 ming nafar fuqaro o‘z taklifini bildirdi. Ular orasidan eng ko‘p bildirilgan uchta nom — Humo, Adras va Anor tanlab olindi.

Tanlovning ikkinchi bosqichida, yuqorida keltirilgan uchta nomdan biriga ovoz berishda 4,0 mingga yaqin respondent ishtirok etdi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni 45,3% ovoz bilan «Humo» nomi egalladi.

Shu munosabat bilan tanlangan g‘olib «Humo» nomini hisobga olgan holda milliy chakana to‘lov tizimining brendini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib boriladi.