Hukumat qarori bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tashkil etildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi Telegram-kanalida.

Qarorga muvofiq, quyidagilar Xalqaro markaz faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlaridan etib belgilandi:

  • ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qo‘llash orqali allergik kasalliklarni diagnostika qilish sohasida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, shu kabi kasalliklarni davolash va profilaktika qilish;
  • allergik kasallik haqida jamlangan ma’lumotlar, allergen turlari, shoshilinch holatlarni rivojlanish riski to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi «allergik pasport» yaratish;
  • molekulyar allergologiya sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar va xorijlik ekspertlarni hamkorlikka jalb qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

Xalqaro markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi, Immunologiya va inson genomikasi instituti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Toshkentdagi Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Doktor Maksudova innovatsion klinikasiga ikkita gulchangi qopqoni o‘rnatilgan edi. Ushbu qopqonlar gullagan o‘simliklarning changlariga bo‘lgan allergiyani nazorat qilish imkonini beradi.