Shu yilning 28−30 oktabr kunlari Urganch shahrida ilk marotaba talabalar o‘rtasida matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanali orqali xabar berildi.

Ushbu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning sentyabrida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida ilgari surilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yilning 26 avgustida qarori bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida har ikki yilda bir marta matematika bo‘yicha Muhammad Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tashkil etilish belgilandi.

Mazkur nufuzli xalqaro olimpiadada dunyoning 20 ta davlati 58 ta universitetining jamoalari ishtirok etadi. Unda 334 nafar talabalar o‘zaro bellashadilar, ularga 100 nafar jamoa rahbarlari hamrohlik qiladi.

Xalqaro olimpiadada g‘olibliklikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik talabalarga matematika, fizika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi.