O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr kuni xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati va dolzarbligi oshayotgan bir paytda, ular bilan samarali hamkorlikni olib borish va islohotlarni sifat jihatdan yaxshilashda ularning salohiyatini jalb qilish borasida qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Jumladan:

  • davlat organlari va tashkilotlarning vatandoshlar bilan aloqalarni o‘rnatishning samaradorligi past darajada va qisman;
  • iqtisodiy, ijtimoiy, investitsiyaviy, ilmiy-ma’rifiy, madaniy va boshqa ustuvor loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishda vatandoshlarning salohiyatidan oqilona foydalanilmayapti;
  • vatandoshlarning o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini ommalashtirish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash borasida kompleks va uzoq muddatli strategiya mavjud emas;
  • xorijda ta’lim olayotgan O‘zbekiston yoshlari bilan ishlashga yetarli darajada e’tibor berilmayotganligi, mamlakatga qaytganlaridan keyin ularni ish bilan ta’minlash tizimining yo‘lga qo‘yilmagan.

Vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqib, ularga davlat tomonidan quyidagi qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda:

  • kirish vizalarini, shu jumladan, ko‘p marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma berish;
  • yuqori malakali kadrlarni O‘zbekistonda zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish;
  • ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;
  • davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan ob’ektlarni va yer maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;
  • vatandoshlarning o‘qishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini to‘liq (qisman) moliyalashtirish;
  • vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari va O‘zbekistonning boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;
  • O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqaroligini berish;
  • vatandoshlar — xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san’ati, televideniye va radio yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishlari uchun grantlar ajratish;
  • vatandoshlarning ommaviy axborot vositalarini O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tishini soddalashtirish;
  • O‘zbekistonning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash;
  • O‘zbekiston qonunchiligi asosida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari.

Qaror bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi hamda Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.