Sentyabrda UzCard to‘lov tizimida uch kun davom etgan nosozlik sababli O‘zbekiston davlat byudjetiga 27 dan 30 mlrd so‘mgacha miqdordagi mablag‘lar kelib tushmadi. Bu haqda iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

«Bir kunlik aylanma [UzCard to‘lov tizimi orqali to‘lovlar] taxminan 180 mlrd so‘mni tashkil etadi. Agarda ushbu mablag‘ning 5 foizi byudjetga to‘lansa, bir kunda kelib tushmagan mablag‘ 9 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uch kun ichida esa byudjetga 27-30 mlrd so‘m kelib tushmadi. Bu oddiy arifmetika», - dedi u.

Mubin Mirzayevning qo‘shimcha qilishicha, bu faqatgina to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rilgan zarar. «Odamlarning moddiy va ma’naviy zararlari bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Buni hisoblash murakkabroq».

Bu kabi holatlarning oldini olish uchun prezident qarori bilan Banklararo milliy protsessing markazi tashkil etiladi.

2020 yil 1 iyuldan mamlakatdagi barcha protsessing jarayonlari, jumladan xalqaro to‘lov tizimlari markaz orqali amalga oshirilishi lozim.