Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston xavfsizligiga tahdid soluvchi va ayni paytda Suriya davlatida faoliyat yuritayotgan «Kotibatul Imom-al Buxoriy» va «Kotibatul Tavhid va Jihod» xalqaro terroristik tashkilotlarning rahbarlari va mas’ul shaxslari bo‘lgan bir nechta hamyurtimiz xorijiy davlatda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Ushlangan shaxslardan biri Suriyadagi «Kotibatul Imom-al Buxoriy» terroristik tashkiloti rahbari bo‘lgan. U 1984 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi. 2009−2010 yillarda Surxondaryo viloyatida yashirin faoliyat yuritgan «Jihodchilar» jamoatining a’zosi bo‘lgan. 2011 yilda Rossiya, Turkiya orqali Suriya davlatiga chiqib ketgan va qo‘poruvchilik amaliyotlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.

Ikkinchi fuqaro Suriyadagi «Kotibatul Imom-al Buxoriy» terroristik tashkilotini moliyalashtirish, yangi a’zolarni yollash hamda olib kelish ishlariga mas’ul bo‘lgan. U 1985 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. 2014 yil Suriyaga borib, qo‘poruvchilik amaliyotlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.

Yana bir fuqaro esa, 2015 yilda «Kotibatul Tavhid va Jihod» tashkilotiga qo‘shilgan va uning yangi a’zolarini Turkiyada kutib olish, Suriyaga o‘tkazish ishlariga mas’ul bo‘lgan. U 1993 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi. 2011 yil Pokiston orqali Afg‘onistonga borib, «Islom jihodi ittifoqi» terroristik tashkilotiga a’zo bo‘lgan va qo‘poruvchilik amaliyotlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tib, hukumat qo‘shinlariga qarshi janglarda faol ishtirok etgan.

Mazkur fuqarolar xorijda soxta hujjatlar bilan yurgan va o‘zlarini uyg‘ur millatiga mansub, deb tanishtirishgan.

Bundan tashqari, DXX xodimlarining sa’y-harakati bilan «Kotibatul Tavhid va Jihod» terroristik tashkilotining a’zosi bo‘lgan boshqa bir fuqaro ham xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi.

Bu shaxs «Kotibatul Tavhid va Jihod» terroristik tashkilotining moddiy ta’minoti uchun pul yig‘ish, shuningdek, yangi a’zolarni yollash hamda Suriyaga yuborish bilan faol shug‘ullangan. U 1990 yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.